O‘zbekistonda pay fondlari 2017-yilda faoliyatini boshlaydi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 25-avgust kuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2015-yil 29-iyunda qabul qilingan va Senat tomonidan 2015-yil 6-avgustda ma’qullangan Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Qonun matni “Xalq so‘zi” gazetasida keltirildi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 25-avgust kuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2015-yil 29-iyunda qabul qilingan va Senat tomonidan 2015-yil 6-avgustda ma’qullangan Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Qonun matni “Xalq so‘zi” gazetasida keltirildi.

Ushbu Qonunning maqsadi investitsiya va pay fondlari faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Hujjatda qayd etilishicha, investorlarning pul mablag‘larini jalb etish va ularni investitsiya aktivlariga qo‘yish maqsadida aksiyalar chiqarishni amalga oshiruvchi yuridik shaxs — aksiyadorlik jamiyati investitsiya fondidir.

Investitsiya fondi o‘z faoliyatini qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiradi.

Investitsiya fondi quyidagi turda bo‘lishi mumkin:

— o‘zi chiqargan aksiyalarni qaytarib sotib olish majburiyatiga ega bo‘lgan investitsiya fondi;
— o‘zi chiqargan aksiyalarni qaytarib sotib olish majburiyatiga ega bo‘lmagan investitsiya fondi.

Investitsiya faoliyatini amalga oshirish maqsadida ikki va undan ortiq shaxslarning — investorlarning o‘zi ishonchli boshqaruvga bergan pul mablag‘lari yig‘indisi pay fondidir.

Pay fondi quyidagi turda bo‘lishi mumkin:

— chiqarilgan investitsiya paylarini ishonchli boshqaruvchi tomonidan fondning mablag‘lari hisobidan qaytarib sotib olish majburiyatiga ega bo‘lgan pay fondi;
— chiqarilgan investitsiya paylarini ishonchli boshqaruvchi tomonidan fondning mablag‘lari hisobidan qaytarib sotib olish majburiyatiga ega bo‘lmagan pay fondi.

Pay fondining turi pay fondini ishonchli boshqarish shartnomasida ko‘rsatiladi.

Pay fondi yuridik shaxs bo‘lmaydi.

Investitsiya fondi yangi yuridik shaxsni ta’sis etish yoki boshqa investitsiya fondini qayta tashkil etish yo‘li bilan tashkil etiladi. Investitsiya fondini investitsiya fondi bo‘lmagan boshqa yuridik shaxsni qayta tashkil etish orqali tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Investitsiya fondi tijorat tashkiloti bo‘lib, u o‘zining alohida hisobga olinadigan mol-mulkiga, shu jumladan ustav kapitaliga berilgan mol-mulkka ega bo‘ladi.

Pay fondini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror ishonchli boshqaruvchi tomonidan qabul qilinadi.

Investor ishonchli boshqaruvchi bilan tuziladigan, investorlarning pul mablag‘larini umumiy ulushli mulk huquqi asosida pay fondiga birlashtirish nazarda tutiladigan shartnoma asosida pay fondiga pul mablag‘larini kiritadi.

Ishonchli boshqaruvchi o‘zining alohida bank hisobvarag‘iga investorlar pul mablag‘larini kiritganidan keyin ikki ish kuni ichida ularga investitsiya paylarini beradi.

Investitsiya paylarini joylashtirish barcha investorlar uchun yagona narx bo‘yicha amalga oshiriladi.

Pay fondining pul mablag‘lari investitsiya deklaratsiyasiga binoan investitsiya qilinadi.

Qonunda pay fondlari O‘zbekistonda 2017-yil 1-iyuldan e’tiboran faoliyatini boshlashi ko‘zda tutilgan.

Manba:Daryo

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *